Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Bu yil kartoshka narxi meʼyorda boʻladi
29 Jul 2019
Respublikamizda joriy yil gʻalladan boʻshagan 43 ming gektar, shu jumladan, Toshkent viloyatida 13 ming 910 gektar maydonga takroriy ekin sifatida kartoshka ekish rejalashtirilgan.

Agar belgilangan rejadagi kartoshka ekilib, koʻzlangan hosil olinsa, bozorlarda kartoshka narxi meʼyorda boʻlishi taʼminlanadi. Shuningdek, yetishtirilgan mahsulotning maʼlum qismi eksport qilinadi.

Bu haqda Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Solanuz” masʼuliyati cheklangan jamiyati dala maydonida oʻtkazilgan amaliy seminarda maʼlum qilindi.

Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi, viloyat hokimligi va Boʻstonliq kartoshkachilik markazi hamkorligida “Kartoshka yetishtirish texnologiyasi” mavzusida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, respublikamizning boshqa viloyatlaridan kelgan masʼullar, fermerlar ishtirok etdi.

Kartoshka inson organizmi uchun muhim boʻlgan oqsil, kraxmal, turli vitaminlar hamda mineral tuzlar va turli elementlar manbai hisoblanadi. Kartoshka tuganagi tarkibida Mendeleyev davriy jadvalidagi 26 ta element borligi aniqlangan. Ayni paytda dunyoning 160 dan ortiq davlati, jumladan, Xitoy, Rossiya, Hindiston, AQSH, Germaniya, Fransiya, Polsha, Gollandiya va Belarusda kartoshka katta maydonlarda yetishtiriladi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham kartoshkachilikni rivojlantirish, mazkur yoʻnalish boʻyicha xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va aholining kartoshkaga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2018-yil 23-fevraldagi “Respublikada urugʻlik kartoshka yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini oʻtayotir. Mazkur hujjatga muvofiq, yurtimiz tuproq-iqlim xususiyatlaridan kelib chiqqan holda 7 ta viloyatning 9 ta tumani kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirildi.

Seminarda mutaxassislar tomonidan kartoshka navlari, ekin parvarishidagi zarur agrotexnik tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 7 ta kartoshkachilik markazi, jumladan, Boʻstonliq kartoshkachilik markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, markazda isteʼmol va sifatli urugʻlik kartoshka yetishtirilmoqda. R1 sinfidagi urugʻlik kartoshkalari viloyat fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga yetkazib berilmoqda.

Seminarda ishtirokchilar zamonaviy texnikalar yordamida kartoshka ekish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, yerni tayyorlash, ishlov berish, hosilni yigʻishda ishlatiladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari, zararkunanda va kasalliklarga qarshi qoʻllaniladigan kimyoviy vositalar koʻrgazmasi namoyish etildi.
/ Manba: O‘zA / Ko'rishlar: 747

So’rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech